
Mazkur maqolada O‘zbekiston bank tizimida prudensial nazorat mexanizmlarining amaldagi holati va ularni takomillashtirishning xalqaro tajribasi tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida Basel qo‘mitasining samarali bank nazorati tamoyillari, Basel III standartlari, AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining prudensial nazorat amaliyoti tahlil qilindi. Shuningdek, banklar faoliyatida kapital yetarliligi, likvidlilik, risklarni boshqarish va korporativ boshqaruv tizimlariga qo‘yilayotgan zamonaviy regulyativ talablar o‘rganildi. Tahlillar natijasida O‘zbekiston bank tizimida riskga asoslangan nazorat mexanizmlarini kengaytirish, stress-test amaliyotlarini takomillashtirish, makroprudensial nazorat instrumentlarini rivojlantirish hamda raqamli nazorat texnologiyalarini joriy etish zarurligi asoslandi. Tadqiqot yakunida xalqaro tajribaga tayangan holda prudensial nazorat samaradorligini oshirish va bank tizimi barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi.
