
Ushbu maqolada publitsistikaning kelib chiqishi, tarixiy shakllanish jarayoni va nazariy asoslari yoritilgan. Publitsistikaning qadimgi notiqlik san’ati bilan bog‘liqligi, uning Yevropada XVII–XVIII asrlarda matbuot rivoji bilan mustaqil soha sifatida shakllanishi tahlil qilingan. Shuningdek, publitsistik uslubning funksional xususiyatlari, uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi ahamiyati ochib berilgan. Maqolada publitsistikaning asosiy xususiyatlari — ijtimoiy yo‘naltirilganlik, baholovchilik, ta’sirchanlik va mantiqiylik kabi jihatlar izohlanadi. Bundan tashqari, publitsistikaning maqola, reportaj, intervyu, ocherk, felyeton va sharh kabi janrlari ilmiy asosda tavsiflangan.
