
Ushbu maqolada kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda tafakkurning mantiqiy operatsiyalaridan biri bo‘lgan taqqoslash qobiliyatini shakllantirish muammosi eksperimental nuqtai nazardan tadqiq etilgan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining kognitiv rivojlanishida vizualizatsiya (ko‘rgazmalilik) vositalarining ta’siri va ahamiyati tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida vizual va mavhum-mantiqiy materiallar asosida taqqoslash operatsiyasining tezligi, aniqligi va chuqurligini aniqlashga qaratilgan eksperiment o‘tkazildi. Eksperiment natijalari shuni ko‘rsatadiki, ko‘rgazmali materiallar va tizimli vizual modellashtirish o‘quvchilarning mantiqiy fikrlash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi hamda tushunchalarni umumlashtirish mexanizmlarini tezlashtiradi. Olingan ma’lumotlar pedagogik va yosh davrlari psixologiyasida amaliy qo‘llanilishi uchun tavsiyalar ko‘rinishida rasmiylashtirilgan.
