
Ushbu maqolada asr vabosi – giyohvandlik va uning oqibatlari yoritib berilgan. Giyohvandlik, narkomaniya, bangilik – narkotik moddalarga oʻrganib qolish, ruju qilish, aniqrogʻi tabiiy yoki sintetik zaharli moddalar (ayrim dori moddalari)ni vaqtincha yoki surunkasiga iste'mol qilish natijasida kelib chiqadigan kasallik holati hisoblanadi. Giyohvandlik organizm somatik va ruhiy holatining chuqur oʻzgarishiga sabab boʻladi va giyohvandni tanazzulga olib boradi. Giyohvandlikda oʻzini toʻxtatib boʻlmaydigan darajada giyohvand moddalarni iste'mol qilish mayli paydo boʻladi, giyohvand moddaning miqdoriga nisbatan ehtiyoj, ruhiy va jismoniy bogʻliqlik ortib boradi. Giyohvandlik asta-sekin boshlanib, surunkali davom etadi.
