
Bugungi globallashuv sharoitida harbiy ta’lim tizimiga qo‘yilayotgan talablar tobora ortib bormoqda. Zamonaviy qurollanish, harbiy texnika va axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi harbiy mutaxassislarni tayyorlash jarayonida ta’lim mazmuni, shakli va metodlarini tubdan yangilashni taqozo etmoqda. Shu bois harbiy fanlarni o‘qitishda an’anaviy yondashuvlar bilan cheklanib qolmasdan, innovatsion pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida olib borilayotgan islohotlar, harbiy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash bo‘lajak ofitser va harbiy mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda harbiy fanlarni o‘qitishda innovatsion pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish kursantlarda mustaqil fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, vaziyatni to‘g‘ri baholash va jangovar sharoitlarga moslashish kabi muhim kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish imkonini beradi.
