
Glitsirretin kislota biologik faol triterpenoid birikma bo‘lib, uning suvda yomon eruvchanligi amaliy qo‘llanilishini cheklovchi asosiy omillardan biridir. Mazkur tadqiqotda glitsirretin kislota va β-siklodekstrin asosida inklyuziv kompleks sintez qilindi. Kompleks 1:1 molyar nisbatda eritma usulida, vakuum filtrlash va liofilizatsiya yordamida ajratib olindi. Olingan mahsulot oq rangli kukun ko‘rinishida bo‘lib, chiqish unumi 88,02% ni tashkil etdi. Kompleks hosil bo‘lishi IQ-spektroskopiya, kukunli rentgen difraktometrik va termogravimetrik tahlil usullari yordamida mexanik aralashma bilan qiyosiy solishtirib o‘rganildi. Tadqiqotlar funksional guruhlar tebranishlari, kristall tuzilish va termik xossalardagi o‘zgarishlarni ko‘rsatib, glitsirretin kislota molekulalarining β-siklodekstrin bo‘shlig‘iga inklyuziyalanishi natijasida supramolekulyar birikma hosil bo‘lganini tasdiqladi.
